Sud zalidagi rahmdilligi va kechirimliligi bilan tanilgan Kaprio «dunyodagi eng mehribon sudya» deb atalgan edi.
Sudda ta’sirli chiqishlari bilan tanilgan sudya Frenk Kaprio 88 yoshida oshqozon osti bezi saratonidan vafot etdi, deyiladi uning Facebook sahifasidagi bayonotda.
AQSh Rod-Aylend shtatidagi Providens shahridan bo‘lgan sudyani ba’zilar «Providensda qo‘lga olinganlar» seriali orqali taniydi, uning lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Kaprioning 1,6 million obunachisi bo‘lgan TikTok platformasida ommalashgan.
«Uning merosi u ilhomlantirgan son-sanoqsiz odamlarning ezgu ishlarida yashaydi. Uning sharafiga biz dunyoga biroz ko‘proq rahm-shafqat olib kelishga harakat qilamiz – xuddi u har kuni qilganidek», deyiladi bayonotda.
Odamlar Kaprioni sud zalidagi rahmdilligi va kechirimliligi uchun «dunyodagi eng mehribon sudya» deb atagan. Serial 2000 yilda efirga uzatilgan va to‘rt marta «Emmi» mukofotiga nomzod bo‘lgan.
Kaprio 1985 yildan 2023 yilgacha Providens munitsipal sudining sudyasi bo‘lib ishlagan. 2023 yil dekabr oyida, 87 yoshga to‘lganidan ko‘p o‘tmay, Kaprio ijtimoiy tarmoqlarda saraton kasalligiga chalinganini aytib, hissiy videoni joylashtirgan edi.