Yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Tadbirkor 5 ta xizmatni ro‘yxatdan o‘tish paytidayoq oladi va avval 1 hafta vaqt ketgan ishlar endi 15 daqiqada bitadi. 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinib, majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 288 taga kamayadi.

Tadbirkorlar kunida tadbirkorlar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev byurokratiyani qisqartirishga oid yangiliklarni ham e’lon qildi.

So‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi, yana shuncha litsenziya raqamlashdi. Birgina o‘tgan yili 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilingani natijasida tadbirkorlarning 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaldi.

Endi, 2026 yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Xususan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari, transport texnik ko‘rigini amalga oshiradigan tadbirkorlar xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

Hozirda litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartibi buzilganda, korxonaga ham, uning rahbariga ham jarima qo‘llanmoqda. Endi bunday holatlar uchun faqat korxona jarima to‘laydi, mansabdor shaxsning javobgarligini esa boshqaruv organi mustaqil hal qiladi.

Bundan tashqari, 2026 yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Bunda, tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zida:

  • elektron raqamli imzo beriladi;
  • bankda hisobraqam ochiladi;
  • xohishiga ko‘ra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi;
  • kassa apparati soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
  • shu yo‘nalishga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi.

Natijada bu jarayonlar uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.

Ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi sanitariya, veterinariya, karantin nazoratida bo‘lgan 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi.

Majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 459 taga qisqartirildi. Ro‘yxat yana 288 taga kamaytiriladi.

Umuman, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash hamda uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilma tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Bunda, eng avvalo, sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi.

Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Mamlakatimizga dunyodagi eng nufuzli xalqaro tan olingan laboratoriyalar kirib kelishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Endi, mahsulotlar sifati bo‘yicha “bozor nazorati” tizimiga o‘tamiz. Bundan keyin nazorat obekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotning o‘zi bo‘ladi”, – dedi prezident.

“Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida sanitariya, veterinariya va karantin organlarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha nazorat-laboratoriya funksiyalari yagona tizimga birlashtirilib, to‘liq raqamlashadi.

Endilikda tadbirkorlar idorama-idora sarson bo‘lmasdan, barcha hujjatlarni “yagona darcha” prinsipi asosida bir joydan oladigan bo‘ladi.

Bu ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish va mahalliy korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshiradi.

Prezident tadbirkorlarda davlat xaridlari va birja savdolarida ishtirok etish bo‘yicha ham ko‘plab savollar to‘planib qolganini ta’kidlab, yaqin orada bu masalaga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, barcha muammolarga yechimlar berilishini qayd etdi.

Davlat organlari va tabiiy monopoliya sub’yektlari bilan shartnoma tuzishda tadbirkorlar huquqlarini teng himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi.

Bunda, barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobat qo‘mitasi tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/08/2025