Auksionda 4,1 mlrd so‘m bilan sotuvga qo‘yilgan oltin koni 67,7 mlrd so‘mga sotildi. Savdo 12 soatdan ortiqroq davom etib, aktiv narxi boshlang‘ich narxdan 16,5 barobargacha qimmatladi.

18 avgust kuni E-auksion platformasida Navoiy viloyati, Nurota tumani, Zafarobod shaharchasidan 26,7 km shimoliy-g‘arbda joylashgan «Temirchi» oltin koni auksion savdolari orqali sotildi.

Kon 4 mlrd 120 mln 412 ming boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi. Qariyb 12 soat davom etgan savdo jarayonida talabgorlar raqobati tufayli narxlar keskin oshib, aktiv 67 mlrd 780 mln 777 ming so‘mga sotildi. Bu – lotning umumiy boshlang‘ich qiymatidan 16,5 barobarga ko‘p.

Yakunda lotni «Zauris» MChJ yutib oldi. Ushbu korxona 2025 yilning 4 iyul kuni Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – rangli metall rudalarini qazib olish. Ustav fondi – 10 mln so‘m.

Kompaniyaning 100 foiz ulushi Fayziyeva Feruza Tohir qiziga tegishli. Rahbar sifatida ham Feruza Fayziyeva ko‘rsatilgan.

G‘olib belgilangan joylardan oltin qazib olish huquqini qo‘lga kiritadi va amaldagi qonunchilikka muvofiq qidiruv ishlarini olib boradi. Investordan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish talab qilinadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 19/08/2025