Sanepidqo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘layotgan o‘limga olib keluvchi muzqaymoq haqidagi xabarni inkor etdi.
Qayd etilishicha, “xavfli muzqaymoq” haqidagi video mutlaqo asossiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda muzqaymoq iste’molidan zaharlanish yoki og‘ir salbiy holatlar qayd etilmagan.
Barcha muzqaymoq mahsulotlari tegishli tashkilotlar nazorati va laboratoriya sinovlaridan o‘tadi. O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro standartlarga amal qiladi.
“Fuqarolarni yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqiramiz. Muzqaymoqni faqat rasmiy savdo shoxobchalaridan va xavfsizlik hujjati bilan xarid qiling”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda 5 oyda 14 ta holatda ovqatdan zaharlanishlar ro‘yxatga olinib, unda 42 nafar fuqaro jabrlangan.
Yuzaga kelgan ovqatdan zaharlanish holatlarining o‘nta holatda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida botulizm kasalligi qayd etilgan. Uchta holatda ovqat toksikinfeksiyasi qayd etilib, 13 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 8 nafarini bolalar tashkil etadi. Kimyoviy zaharlanish bitta holatda qayd etilgan.