Ma’lum qilinishicha, o‘quv yili boshlanish arafasida respublikaning turli hududlaridan Toshkent shahriga kelayotgan talabalar va ularning yaqinlarini firibgarlar tomonidan aldash holatlari ko‘paymoqda. Bu holatlar asosan internetga joylashtirilgan arzon ijara uylar e’lonlari orqali amalga oshirilmoqda.
Firibgarlar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan xonadonlarning suratlarini internetga joylashtirib, arzon narxda ijaraga berish taklifini bildiradi. Talabalar va ularning ota-onalari shunday narxlarni ko‘rib, uyni olish maqsadida aloqaga chiqadi. Firibgarlar esa uyni saqlab qo‘yish yoki 2 oylik to‘lov kerak, deb oldindan pul talab qiladi. Biroq to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng ular aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlarda bloklaydi. Oqibatda uy ham to‘langan pul ham qolmaydi.
“Hech qachon uyni ko‘rmasdan turib, oldindan to‘lovni amalga oshirmang. Har qanday ijara shartnomasini faqat uyni shaxsan ko‘rib, egasi bilan shaxsan uchrashgach tuzing. Shaxsiy ma’lumotlarni ishonch hosil qilmaguncha begona shaxslarga yubormang”, deya tavsiya berib ogohlikka chaqirdi poytaxt IIBB matbuot xizmati.
Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish 1-avgustdan boshlandi.