Ijtimoiy tarmoqlarda “Qibray tumani ‘Botanika’ mahallasi hududida daraxtlarni kesilmoqda” mazmunida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi va Qibray tuman hokimligi ikki xil munosabat bildirdi.

Hokimlik bergan maʼlumotlarda “Botanika” mahallasi “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘alaba qozongani va qarovsiz bo‘lgan jami maydoni 34 sotix yer maydonini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda mahalla yoshlari uchun umumiy maydoni 800 kvadrat metrni tashkil etadigan sunʼiy qoplamali yopiq futbol maydonini qurish uchun 7 dona daraxt Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish bo‘limi masʼullari ishtirokida kesilgani aytilgan.

Rasmiy munosabatda asossiz va yolg‘on maʼlumot tarqatish uchun javobgarlik borligini eslatib o‘tilgan.

Xuddi shu “Botanika” mahallasida daraxtlarni kesilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi ham munosabat bildirgan.

Unda 10 tup daraxtlar nomaʼlum shaxslar tomonidan tag qismidan kesib tashlangani, bu bilan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasi talablari buzilib, o‘simlik dunyosiga 39 758 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani taʼkidlangan.

“Daraxt kesgan nomaʼlum fuqarolarni shaxsiga oydinlik kiritish maqsadida Qibray tumani Ichki Ishlar bo‘limiga xat bilan murojaat qilindi”, deyiladi Ekologiya boshqarmasi munosabatida.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 13/08/2025