O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a‘zo bo‘lish uchun faqat bitta davlat bilan ikki tomonlama muzokarani yakunlashi qoldi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov LinkedIn’da yozib qoldirdi.
O‘runov 2025-yilni sarhisob qilar ekan, o‘tgan yilni respublikaning JSTga a‘zo bo‘lishi doirasida “hal qiluvchi va natijaga yo‘naltirilgan” deb atadi.
Yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston JSTga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. 40 dan ortiq muzokara raundlari hamda ishchi guruhning 2 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, 200 dan ortiq yozma savollarga javoblar berildi. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya va boshqa yirik savdo hamkorlari bilan kelishuvlarga erishildi.
“Faqat bitta ikki tomonlama muzokara yakunlanishi kutilmoqda”, dedi u Tayvanni nazarda tutib.
O‘tgan yil davomida O‘zbekiston JST bilan bog‘liq 30 ta huquqiy hujjat qabul qildi: 4 ta qonun, 8 ta prezident farmoni va qarori, 12 ta Vazirlar Mahkamasi qarori va 6 ta idoraviy me’yoriy hujjatlar. Qo‘shimcha ravishda 29 ta huquqiy hujjat loyihasi tayyorlandi. Bojxona tartibotlari, eksport bojlari, savdoni himoya qilish choralari, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya hamda savdodagi texnik to‘siqlar (SPS va TBT) sohalarida kompleks islohotlar amalga oshirildi.Azizbek O‘runovning qayd etishicha, tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha yakuniy konsolidatsiya qilish bosqichiga o‘tildi. Eksport bojlari, tranzit erkinligi va savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar so‘nggi bosqichga yetdi. JSTning sohaviy bitimlari doirasida faol ishlandi. 2026-yil uchun quyidagi ustuvor vazifalar turibdi:
- qolgan bitta ikki tomonlama muzokarani yakunlash;
- ko‘p tomonlama muzokaralar va ishchi guruh hisobotini tugatish;
- qonunchilikni to‘liq muvofiqlashtirish;
- O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazish.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishi chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov ekanligini ta’kidlagandi.