Soliq qo‘mitasi 2025 yilda foyda solig‘idagi o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, tovar (ish, xizmat)larning elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasi – 10 foiz etib belgilandi. Oldin 7,5 foiz edi.

Tovar (ish)larni eksportga realizatsiya qilishdan olingan foyda uchun 0 foiz stavkadagi soliq bekor qilindi.

Umumiy quvvati 100 kVt gacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa elektr energiyasini realizatsiya qilishdan olingan foyda 0 foiz stavkada soliqqa tortiladi.

Stavka QTEM qurilmalari ishga tushirilgan oydan boshlab 3 yil davomida qo‘llaniladi. Quyosh panellari quvvatining kamida 25 foiz miqdorida elektr energiyasini to‘plash tizimi bilan quyosh panellari o‘rnatilganda – bu panellar ishga tushirilgan oydan boshlab 10 yil davomida qo‘llaniladi.

Categorized in:

Biznes,

Last Update: 07/04/2025