Janubiy Koreyada lavozimidan chetlatilgan sobiq prezident Yun Sok Yolning vorisi aniqlanadigan yangi prezidentlik saylovi 3-iyun kuni o‘tkaziladi. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib Yonhap xabar berdi.
Ushbu sana bosh vazir vazifasini bajaruvchi Xan Dok Su boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida tasdiqlanishi kutilmoqda. Konstitutsiyaviy sudning impichment to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng mamlakat 60 kundan kechiktirmay muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazishi kerak.
Agar sana tasdiqlansa, saylov taqvimiga ko‘ra, nomzodlar 11-maydan kechiktirmay ariza topshirishlari lozim, saylov kampaniyasi esa 12-maydan boshlanadi. Yangi prezident 3-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng o‘z lavozimiga kirishadi.