Jahongir Jumanov Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

23-noyabr kuni xalq deputatlari Oltiariq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Sessiyada Jumanov nomzodi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Jahongir Jumanov 1982-yilda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutining tarmoqlar iqtisodiyoti yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida viloyat moliya tizimi va hokimligida turli lavozimlarda ishlagan. 2019–2021-yillarda Oltiariq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2021–2024-yillarda Furqat tumani hokimi bo‘lgan.

Tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Avval Oltiariq tumaniga rahbarlik qilgan Shamsiddin Turdaliyev esa Andijon viloyati hokimining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 23/11/2026