O‘zbekistonda “O‘n ming qadam piyoda” aksiyasini o‘tkazish va ishtirokchilarni rag‘batlantirish tartibi belgilanmoqda. Tegishli nizom loyihasi 13-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, aksiya “Ekofaol fuqaro” platformasi orqali tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston hududida bir yil davomida eng ko‘p qadam yurgan, shuningdek, kuniga kamida 10 ming qadam bosgan 18 yosh va undan katta fuqarolar ishtirok etishi mumkin. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Natijalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida, shuningdek, respublika bo‘yicha alohida aniqlanadi. Mamlakat miqyosida 1–3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar ham taqdirlanadi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Sport vazirligi bilan birgalikda aksiya shartlariga rioya etilishini muntazam nazorat qiladi. Qadamlar sonini sun’iy ravishda oshirish holatlari aniqlansa, ishtirokchi aksiyadan chetlashtiriladi va uning natijalari bekor qilinadi.

Nizom loyihasida quyidagi harakatlar qoidabuzarlik sifatida belgilangan:

  • boshqa shaxsning akkauntidan foydalanish;
  • elektron yugurish yo‘lagi, avtoulov, samokat, velosiped, skuter va boshqa texnika vositalaridan foydalanish;
  • texnik vositalar yordamida qadamlar sonini sun’iy ko‘paytirish;
  • platforma faoliyatiga noqonuniy aralashish.

Qoidalarni buzgan yoki buzishda gumon qilingan fuqarolarning akkauntlariga vaqtinchalik cheklovlar qo‘yilishi mumkin. Aldov yo‘li bilan g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar diskvalifikatsiya qilinadi.

Shuningdek, operator g‘ayritabiiy yuqori natijalar qayd etilganda, sun’iy intellekt yoki avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish alomatlari aniqlanganda, boshqa ishtirokchilardan murojaatlar kelib tushganda yoki texnik nosozliklar kuzatilganda natijalarni tekshirish huquqiga ega.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 04/11/2026