Urganch xalqaro aeroportida 2028-yil oxirigacha yangi terminal va uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. Modernizatsiyadan so‘ng aeroport Airbus A380, Boeing 747 va Boeing 777 kabi yirik samolyotlarni qabul qila oladi. Bu haqda aeroportda o‘tkazilgan press-turda ma’lum qilindi.

Loyihaning umumiy qiymati 242 mln dollarni tashkil etadi. Shundan 134 mln dollari xususiy sherik, 108 mln dollari davlat sherigi obyektlariga to‘g‘ri keladi.

Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi 2025-yil aprelida o‘tkazilgan xalqaro tenderda g‘olib bo‘lgan. O‘sha yil dekabrida aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan.

Loyiha 22 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 3 yili qurilish, 19 yili boshqaruv davrini tashkil etadi.

Incheon vakillarining aytishicha, kompaniya tenderda aynan Urganch aeroporti bo‘yicha qatnashgan. Bunda O‘zbekiston va Xorazmning turizm salohiyati, shuningdek, aeroportning Xivaga yaqinligi hisobga olingan.

Modernizatsiya doirasida 2026-yil iyun oyida vaqtinchalik kelish terminali qurilishi boshlangan va avgust oyida foydalanishga topshirilgan.

Yangi terminal qariyb 39 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. Hozirgi terminal maydoni 9,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Yangi bino ishga tushgach, aeroportning yillik yo‘lovchi o‘tkazish quvvati 1,2 mln nafardan 3,5 mln nafargacha, bir soatlik quvvati esa 300 nafardan 1300 nafargacha oshadi.

Terminaldagi tijorat maydonlari 322 kvadrat metrdan 4555 kvadrat metrgacha kengaytiriladi. Unda VIP va CIP zallari, Duty Free do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalari, yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va bagaj bilan ishlash hududlari tashkil etiladi.

Aerodromda 3300 metrli yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi ham quriladi. Samolyotlar turish joylari 6 tadan 18 tagacha ko‘paytiriladi. Aeroportdagi yorug‘lik signalizatsiyasi CAT-I dan CAT-II darajasiga o‘tkaziladi.

“Yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi va perron qurilgach, F toifadagi havo kemalarini qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Boeing 747, Airbus A380 va Boeing 777 kabi samolyotlarni qabul qila olamiz”, — dedi Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov.

Prezident matbuot xizmatining 17-avgustdagi xabarida aeroportni modernizatsiya qilish uchun 264 mln dollar investitsiya yo‘naltirilishi aytilgan edi. Press-turda esa loyiha qiymati 242 mln dollar ekani ma’lum qilindi.

Aeroport vakilining izoh berishicha, 264 mln dollar dastlabki hisob-kitob bo‘lgan. Tender yakunida xususiy sherikning investitsiyasi 134 mln dollar etib belgilangan. Qurilish ko‘proq mablag‘ talab qilsa, investitsiya miqdori oshiriladi, kamroq mablag‘ sarflansa, bu konsessiya to‘lovlarida hisobga olinadi.

Qurilish yakunlangach, Incheon aeroport obyektlarini 19 yil davomida boshqaradi. Shartnomada konsessiya to‘lovi ham ko‘zda tutilgan. Xususiy sherik ushbu davrda o‘z foydasining ma’lum qismini aeroportga to‘lab boradi.

“Hozir aniq summani ayta olmayman, lekin bu davrda investitsiyadan tashqari taxminan yarim milliard dollar to‘lanishi mumkin”, — dedi Matkarimov.

Qurilish ishlarini Bomi Engineering & Construction olib bormoqda. Jarayonni texnik jihatdan nazorat qilish Samsung korporatsiyasiga yuklatilgan. Incheon International Airport Corporation vakili Yu Byong-namning aytishicha, aeroportni 2028-yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida sutkasiga qariyb 10 tonna yukni qayta ishlash imkoniyatiga ega yangi yuk kompleksi, mingga yaqin avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh, maxsus transport vositalari uchun 1000 kvadrat metrdan ortiq texnik markaz va qariyb 900 kvadrat metrlik isitiladigan garaj ham quriladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/10/2026