2026-yil avgust oyida “Quyoshli xonadon” dasturidan foydalangan 61 548 nafar fuqaro quyosh panellari orqali ishlab chiqarib, elektr tarmoqlariga uzatilgan energiya uchun jami 105,4 mlrd so‘m subsidiya oladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Subsidiyaning eng katta qismi Buxoro viloyatidagi fuqarolarga to‘g‘ri keladi — 18,9 mlrd so‘m. Xorazm viloyatidagi fuqarolarga 18,3 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga esa 12,4 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi.
Fuqarolar subsidiyani “Soliq” mobil ilovasidagi “Keshbek va imtiyozlar” → “Quyoshli xonadon” → “Kartaga pul o‘tkazish” bo‘limi orqali bank kartasiga o‘tkazib olishlari mumkin.
“Quyoshli xonadon” dasturiga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan xonadoniga quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir 1 kVt·soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘m subsidiya to‘lanadi.