O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega fuqarolarga ishlamaydigan oila a’zolari uchun ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi. Bu orqali oila a’zosiga mehnat stajini shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentning davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etish bo‘yicha qaroriga ko‘ra, ijtimoiy soliq har oy ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi — hozirgi hisobda 163 200 so‘m miqdorida to‘lanadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrdan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlayotgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lasa, ularga bir yillik ish staji avtomatik hisoblanadi.
Pensiya xizmatlari raqamlashtiriladi
2027-yil 1-yanvargacha pensiya ta’minotiga oid xizmatlarni to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazish belgilangan.
Ayrim xizmatlar fuqarolarning alohida murojaatisiz avtomatik ko‘rsatiladi. Jumladan:
- 2026-yil 1-noyabrdan ishlar hajmining qisqarishi yoki korxonaning tugatilishi sababli ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga belgilangan yoshdan ikki yil oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi;
- 2027-yil 1-yanvardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi proaktiv tarzda tayinlanadi.
Shuningdek, fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjat va ma’lumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Fuqarolarning xohishiga ko‘ra quyidagi xizmatlar interaktiv shaklda ko‘rsatiladi:
- 2026-yil 1-noyabrdan zararli va og‘ir mehnat sharoitida ishlagan hamda pensiya yoshini qisqartirish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;
- 2026-yil 1-dekabrdan pensiyaning bir turidan boshqasiga o‘tkazish;
- 2027-yil 1-yanvardan pensiya to‘lovini naqd shaklga o‘tkazish hamda to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash.