Toshkent aeroportida samolyotlarga aviayoqilg‘i quyish majmuasi xususiylashtirish uchun savdoga chiqarildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Sergeli tumanidagi Qumariq ko‘chasida joylashgan majmuaning umumiy yer maydoni 11 gektar, bino va inshootlari maydoni 6076 kvadrat metrni tashkil etadi. Obyekt hududida gaz, suv va elektr tarmoqlari mavjud.
Xususiylashtirish jarayonini tashkil etish uchun xalqaro Ernst and Young kompaniyasi konsultant sifatida jalb qilingan.
Jarayon mahalliy va xorijiy investorlar uchun ochiq bo‘lib, ikki bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab obyektni sotib olishga qiziqish bildirish (EoI), keyin esa majburiyatga ega takliflarni (BO) taqdim etish bosqichi amalga oshiriladi.
Arizalar talabgorlarning moliyaviy imkoniyatlari hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik talablariga muvofiqligi asosida tekshiriladi. Talabgor obyektni sotib olish uchun yetarli moliyaviy resurslarga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, talabgor va unga aloqador shaxslar Yevropa Ittifoqi, AQSH hamda Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot bankining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi lozim.
Arizalar 23-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:59 gacha qabul qilinadi.