Tibbiyot, farmatsevtika va pedagog xodimlarining oylik maoshlariga 2027-yil 1-yanvardan boshlab har oylik ustamalar joriy etiladi. Ustamalar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 1 baravardan 4 baravargacha bo‘ladi. Bu haqda tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid prezident farmonida belgilangan.
Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda ustama to‘lanadi:
- oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar hamda shu yo‘nalishdagi magistraturani tamomlagan pedagog kadrlarga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4 baravari;
- magistraturani tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga — 2 baravari;
- bakalavriatni tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga — 1 baravari.
Tibbiyot xodimlarini tayyorlash tartibi o‘zgaradi
2027–2028-o‘quv yilidan boshlab o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik o‘quv dasturlariga qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Oliy tibbiy hamshiralik ishi bakalavriat yo‘nalishida rivojlangan xorijiy davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Shuningdek, tibbiy hamshiralik ishi mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun maxsus magistratura dasturi tashkil etiladi.