Toshkent va Mavrikiy o‘rtasida ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlabki bosqichda 26-dekabr va yanvar oylarida jami 4 ta Toshkent–Mavrikiy–Toshkent qatnovini amalga oshirish rejalashtirilgan. 2027-yil iyunidan esa ushbu yo‘nalishda haftasiga bir marta muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yangi yo‘nalish O‘zbekiston turizmi uchun Afrikada yangi bozor ochish bilan birga, Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan Mavrikiyga yo‘lovchilar oqimini yo‘naltiruvchi tranzit markaz sifatidagi salohiyatini oshirishi kutilmoqda.

Kelgusida Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan sayyohlar Toshkent orqali Mavrikiyga uchishi mumkin bo‘ladi.

Aviatashuvchilarga subsidiya beriladi

Qatnovlar 2026-yildan har yili iyun–avgust oylarida amalga oshirilayotgan “Ochiq turizm mavsumi” dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Dastur doirasida yangi yo‘nalish ochayotgan aviatashuvchilarga jalb qilingan har bir xorijiy turist uchun 100 dollar subsidiya va aeroport xizmatlarida 20 foizlik chegirma taqdim etiladi.

Mahalliy turoperatorlarga esa uzoq xorijdan jalb qilingan har 1000 nafar turist uchun 5000 dollar miqdorida subsidiya ajratiladi.

Mavrikiy Hind okeanining janubi-g‘arbiy qismida, Afrikaning sharqiy sohillari yaqinida joylashgan orol davlat bo‘lib, turizm mamlakat iqtisodiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 08/09/2026