O‘zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgazta’minot” ta’sischiligida LPG-Trade MChJ tashkil etish taklif qilinmoqda. Yangi korxona suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda aholiga yetkazib beradi.
Bu haqda 7-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti chog‘ida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari bu borada aholi manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Suyultirilgan gaz iste’molchilarga o‘z vaqtida yetib borishi, ta’minotdagi uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya beriladi
Takliflarga ko‘ra, suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizm joriy etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lash belgilanadi.
Bu orqali umumiy subsidiya o‘rniga davlat byudjeti mablag‘larini aniq iste’molchiga yo‘naltirish va ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga esa belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti hisobidan qoplash taklif etilmoqda.
Xususiy operatorlar jalb qilinadi
Suyultirilgan gaz yetkazib berishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga ham e’tibor qaratilgan.
Andijon viloyatida xususiy operatorlarni ushbu jarayonga jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Unda operatorlar zarur litsenziya va ruxsatnomalarga, malakali muhandis-texnik xodimlarga ega bo‘lishi kerak.
Xizmatlarni kamida ikki operator ko‘rsatishi, shuningdek, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlarni yo‘lga qo‘yish belgilangan.