O‘zbekiston Rossiya va Belarus bilan xalqaro avtomobil yuk tashuvlarida elektron ruxsatnomalar — “E-Permit” tizimiga 2026-yil oxirigacha o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

Hozirda xalqaro yuk tashish uchun zarur “dоzvol”lar qog‘oz shaklida rasmiylashtirilmoqda.

“Dоzvol” — xalqaro avtomobil yuk tashish uchun davlat tomonidan beriladigan ruxsatnoma.

Elektron tizimga o‘tish uchun O‘zbekiston va hamkor davlatlar elektron ruxsatnomalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib olishi, axborot tizimlarini integratsiya qilishi hamda ma’lumotlar almashinuvini sinovdan o‘tkazishi kerak.

Transport vazirligi “E-Permit” tizimiga o‘tish O‘zbekiston tomonidan bir tomonlama qabul qilinadigan qaror emasligini ta’kidladi.

Hozirda O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya bilan elektron “dоzvol”lar almashinuvini yo‘lga qo‘ygan.

Xitoy yo‘nalishida nega yangi elektron ruxsatnoma berilmayapti?

Vazirlik Xitoy yo‘nalishida elektron ruxsatnomalar bilan bog‘liq muammolarga ham izoh berdi.

Ayrim holatlarda transport vositasi Xitoyga berilgan elektron ruxsatnomadan amalda foydalanib bo‘lgan bo‘lsa-da, axborot tizimida uning maqomi “foydalanilmagan” holatda qolmoqda.

Natijada ayni transport vositasiga yangi ruxsatnoma rasmiylashtirish imkoniyati cheklanadi.

Vazirlikning tushuntirishicha, bunga ruxsatnomadan foydalanilganini axborot tizimida tasdiqlash tartibining yakunlanmagani sabab bo‘lmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchi bojxona nazoratidan o‘tgach, tegishli tovar-transport hujjatlarini transport nazorati inspektoriga taqdim etishi kerak.

Shundan so‘ng inspektor elektron ruxsatnomadan foydalanilganini tasdiqlaydi va tizimdagi maqomini “foydalanilgan” deb o‘zgartiradi. Faqat shundan keyin ushbu transport vositasiga navbatdagi elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish imkoniyati ochiladi.

Biroq ayrim haydovchilar bojxona rasmiylashtiruvidan keyin hujjatlarni inspektorga taqdim etmasdan chegaradosh hududni tark etmoqda. Natijada ruxsatnoma amalda ishlatilgan bo‘lsa-da, tizimda “foydalanilmagan” sifatida qolmoqda.

Bunday vaziyatda tizim ayni transport vositasiga yangi elektron ruxsatnoma olishni avtomatik ravishda cheklaydi.

Vazirlik bu mexanizm tashuvchilar faoliyatini sun’iy ravishda cheklash uchun emasligini bildirdi. Tizimning maqsadi bitta transport vositasiga bir vaqtning o‘zida bir nechta amaldagi elektron ruxsatnoma rasmiylashtirilishining oldini olish va ruxsatnomalar hisobini to‘g‘ri yuritishdan iborat.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 27/08/2026