O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning oliy davlat mukofotlaridan biri — I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni 30-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov topshirdi.
Taqdirlash marosimida Shavkat Mirziyoyev qardosh Qirg‘iziston xalqi va prezidenti Sadir Japarovga minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston aloqalarini yangi tarixiy bosqich — ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan umumiy intilishlarning e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
1996-yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘izistonning eng yuksak davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. U mamlakat fuqarolari va xorijliklarga davlatchilikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni rafiqasi bilan davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga bordi. O‘zbekiston delegatsiyasini “Issiqko‘l” xalqaro aeroportida prezident Sadir Japarov va uning rafiqasi kutib oldi.
Cho‘lponota shahridagi Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida ikki davlat rahbarlarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng prezidentlar tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.