Toshkent shahridagi bir nechta masjidlarda imomlik qilgan hamda “Rayxon oilaviy milliy taomlari” tarmog‘i taʼsischisi sifatida tanilgan Odilxon qori Ismoilovga nisbatan sud hukmi chiqarildi.

Oliy sud matbuot kotibi maʼlum qilishicha, Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxsga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, jami 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan:

  • o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;
  • mansab soxtakorligi;
  • hujjatlar, muhrlar va blankalarni yashirish yoki ularga shikast yetkazish;
  • hujjatlar va blankalarni qalbakilashtirish hamda ulardan foydalanish

bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Hukmga muvofiq, Odilxon Ismoilov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, uning qamoqda saqlangan muddati hisobga olinib, tayinlangan jazo muddati 7 yil 11 oy 28 kun etib belgilangan.

Qolgan olti nafar sudlanuvchiga esa jinoyatdagi ishtiroki va sodir etgan qilmishlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.

Shuningdek, sud jinoyat ishi doirasida aniqlangan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish haqida qaror chiqardi.

Oliy sud xabarida taʼkidlanishicha, birinchi instansiya sudi hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan. Taraflar belgilangan tartibda va muddatlarda Namangan viloyati sudining apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish hamda protest keltirish huquqiga ega.

Odilxon qori Ismoilov avvalroq Toshkentdagi bir nechta masjidlarda imomlik qilgani, shuningdek, “Rayxon oilaviy milliy taomlari” brendi asoschilaridan biri sifatida jamoatchilikka tanilgan edi. Sud hukmi bilan u va yana olti nafar shaxs moliyaviy va hujjatlar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 20/07/2026