Migratsiya agentligi Rossiyaning ayrim hududlarida kuzatilayotgan yong‘inlar va xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalar munosabati bilan federatsiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga murojaat yo‘lladi.

Agentlik vatandoshlardan xavfli hududlarda bo‘lib turgan taqdirda zudlik bilan xavfsiz joyga ko‘chishni, shuningdek, qutqaruv va favqulodda xizmatlar ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishni so‘radi.

“Yong‘in oqibatida jabrlangan yoki jarohat olgan vatandoshlarimiz bo‘lsa, zudlik bilan Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasiga murojaat qiling”, — deyiladi murojaatda.

Agentlik bilan quyidagi telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin:

  • +7 499 230 00 32
  • +7 499 230 00 76
  • +7 925 045 47 44

Murojaat Rossiyaning bir qator hududlarida xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalar qayd etilayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Xususan, Ukraina 18-iyulga o‘tar kechasi Rossiyadagi Wildberries kompaniyasining omborlariga dronlar bilan hujum qilgani xabar qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, 24 kishi jarohatlangan.

Shuningdek, dronlar hujumi vaqtida Noginsk shahridagi neft bazasida ham yong‘in yuzaga kelgan. Ushbu hodisada ikki kishi jarohat olgan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan yaqin hududdagi tug‘uruqxona bemorlari boshqa joyga evakuatsiya qilingan. Natijada Moskva viloyatidagi hujumlar oqibatida jabrlanganlar soni 26 nafarga yetgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Vladimir shahrida dron ko‘p qavatli uy xonadonlaridan biriga kelib urilgani va yong‘in chiqqani bildirilgan. Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.

Migratsiya agentligi Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga va zarurat tug‘ilganda vakolatli idoralar bilan aloqada bo‘lishga chaqirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 20/07/2026