AQSH hukumati Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF 2026) doirasida faoliyat yuritadigan AQSH—O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining Amerika tomoni vakillari tarkibini e’lon qildi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Kengash tarkibiga Bethany Aquilina Braz, Sarah Whitten, David Vogel, Caleb Orr hamda Jonathan Henick kiritilgan.

Ma’lum qilinishicha, AQSH—O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi 2026-yil aprel oyida Washington shahrida tashkil etilgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi asosiy ikki tomonlama platforma hisoblanadi.

Kengashga AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Sergio Gor hamda Saida Mirziyoyeva hamraislik qiladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu tuzilma Amerika kompaniyalariga O‘zbekistondagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda AQSH hukumatining moliyalashtirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va bozorlarni rivojlantirish mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, AQSH O‘zbekistonni texnologiyalar, energetika va mudofaa sanoati uchun muhim ahamiyatga ega strategik foydali qazilmalarning yirik zaxiralariga ega mamlakat sifatida baholamoqda.

Kengash mazkur yo‘nalishlarda shaffof va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Amerika kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyati uchun institutsional asoslarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/06/2026