2026-yilning yanvar—aprel oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelgan xorijiy fuqarolar soni 4 milliondan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, dastlabki to‘rt oy davomida mamlakatga jami 4 048 417 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 930,8 ming nafarga yoki qariyb 30 foizga ko‘pdir.
Taqqoslash uchun, 2025-yil davomida O‘zbekistonga jami 11,7 million nafar xorijiy sayyoh kelgan edi.
Statistikaga ko‘ra, 2026-yilning ilk to‘rt oyida O‘zbekistonga eng ko‘p turist yuborgan davlatlar orasida Qirg‘iziston yetakchilik qilmoqda — 1 million 141 ming nafardan ortiq.
Keyingi o‘rinlarda Tojikiston — 965 mingdan ziyod hamda Qozog‘iston — 935 mingdan ortiq turist bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Rossiyadan 341,8 ming nafar, Afg‘onistondan 161,5 ming nafar, Xitoydan 132,2 ming nafar va Turkmanistondan 108,4 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga kelgan.
Top o‘ntalikka, shuningdek, Turkiya, Hindiston va Koreya Respublikasi ham kirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga eng ko‘p turist yuborayotgan davlatlar uchligini hamon qo‘shni mamlakatlar tashkil etmoqda. To‘rt oy davomida kelgan sayyohlarning qariyb 3 million nafari Markaziy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.