Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Senatda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda dunyo bo‘yicha sintetik narkotiklarning yangi turlari keng tarqalayotgani va narkomaniya xavfi ortayotgani ushbu sohadagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda boshqa qator qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonunga ko‘ra, endilikda nafaqat giyohvandlik vositalari, balki kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, ilk bor “g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” tashkil etish va uning faoliyatini ta’minlash uchun alohida javobgarlik joriy qilinmoqda.
Yangi tartiblarga ko‘ra, narkotik vositalarni internet orqali tarqatish yoki targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari, talabalar yotoqxonalari hamda bolalar oromgohlari yaqinida sodir etilgan narkojinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Senatorlarning qayd etishicha, o‘ta og‘ir turdagi narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muddatidan oldin shartli ravishda o‘tashdan ozod qilish tartibi qo‘llanilmaydi.
Senatga ko‘ra, mazkur qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning narkojinoyatlarga qarshi kurashish imkoniyatlarini kengaytirish, “narkotiklardan holi muhit” yaratish va yoshlarni giyohvandlik xavfidan himoya qilishga xizmat qiladi.
Avvalroq 2026-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 2 533 ta jinoyat va 313 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangani ma’lum qilingandi.
Statistikaga ko‘ra, qayd etilgan narkojinoyatlarning 51 foizi — 1 280 tasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan bog‘liq bo‘lib, ular narkotik vositalarni tayyorlash, saqlash, olish yoki noqonuniy tarqatish holatlaridan iborat.