O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida “Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash, pensiya tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda ish haqining hisobga olinadigan ulushini 75 foizdan 100 foizga oshirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, pensiya tayinlashda asos bo‘ladigan hisoblash bazaviy miqdorini 10 baravaridan emas, balki 12 baravaridan kelib chiqib aniqlash amaliyotini joriy etish rejalashtirilgan.
Deputatlar fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, u harbiy xizmat jozibadorligini kuchaytirish, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni aniq tartibga solish hamda huquqni qo‘llash amaliyotida yagona va barqaror mexanizmlarni shakllantirishga yordam beradi.
Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.