O‘zbekistonda bir qator hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlari boshlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati va Surxondaryo viloyatida 22-martdan, Samarqand viloyatida 24-martdan, Jizzax viloyatida esa 28-martdan zararli chigirtkalarning tuxumdan chiqqani aniqlangan. Gap 1–2 yoshdagi marokash chigirtkasi haqida bormoqda.
Mutasaddilar hasharotlarning aholi ekin maydonlari va tomorqalarga yetib borishining oldini olish maqsadida zarur choralarni ko‘rmoqda. Hududlarda kuzatuv-nazorat ishlari kuchaytirilgan, chigirtka to‘dalari aniqlangan joylarda kimyoviy ishlovlar olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, an’anaviy kurash tadbirlari har yili voha hududlarida boshlanib, keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida yakunlanadi. Ayni paytda bu ishlar uchun 53 ta maxsus purkagichli avtomashina, 194 ta traktor, 1000 dan ortiq qo‘l purkagichlari, 25 ta suv tashuvchi texnika hamda 66 ta motosikl shay holatga keltirilgan. Zarur yoqilg‘i va kimyoviy vositalar zaxirasi ham shakllantirilgan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda jami 651,8 ming gektar maydonda kimyoviy ishlov berish rejalashtirilgan. 1-aprel holatiga ko‘ra, 22 ming gektardan ortiq maydon o‘rganilib, 3 641 gektarda amaliy kurash tadbirlari o‘tkazilgan.
Zararli chigirtkalarga qarshi kurashni samarali tashkil etish maqsadida barcha viloyatlarda shtablar, tumanlarda esa tezkor otryadlar tuzilgan.
Mutaxassislarning bildirishicha, O‘zbekistonda 200 ga yaqin chigirtka turi mavjud bo‘lib, har yili ularning 6–8 turi to‘da hosil qilib, qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazadi. Mavsumni talafotsiz o‘tkazish uchun chigirtka xizmati 24/7 rejimiga o‘tkazilgan, jarayonlarga qariyb 700 nafar mutaxassis jalb etilgan.
Agentlik fuqarolardan chigirtka tarqalgan hududlar haqida 1288 yoki 71 202 10 00 raqamlari orqali xabar berishni so‘radi. Ushbu hududlarda kimyoviy ishlovlar bepul amalga oshiriladi.