O‘zbekistonda poyezdlar kechikkani uchun yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi barcha mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlarga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda qo‘mitaga temir yo‘l transportida poyezdlarning jadvaldan kechikishi, jo‘nab ketish va manzilga yetib borish vaqtlarining buzilishi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Xususan, 2025-yil davomida ushbu masala bo‘yicha 51 ta murojaat qayd etilgan.
Murojaatlardan birida Toshkent–Buxoro–Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi “Sharq” poyezdlari muntazam ravishda 40 daqiqadan 1 soatgacha kechikayotgani, shuningdek, chiptalarda poyezd kelish vaqti aniq ko‘rsatilmayotgani ta’kidlangan. Bu holatlar yo‘lovchilarning shaxsiy rejalari va ularni kutib oluvchilarga ham noqulaylik tug‘dirayotgani bildirilgan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganishlar davomida amaldagi normativ hujjatlarda tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmagani aniqlangan.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, iste’molchilar xizmatlar sifatini talab qilish, shuningdek, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarning qoplanishini so‘rash huquqiga ega.
Shu munosabat bilan qo‘mita tomonidan Transport vazirligiga tegishli takliflar yuborilgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ning yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Unda poyezd kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etish nazarda tutilgan.
Yangi tartibga muvofiq, kompensatsiya miqdori quyidagicha bo‘ladi:
- 15–30 daqiqa kechikish uchun — yo‘lkira qiymatining 15 foizi;
- 31–60 daqiqa kechikish uchun — 25 foizi;
- 61–120 daqiqa kechikish uchun — 50 foizi;
- 121 daqiqadan ortiq kechikish uchun — 100 foizi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgacha bunday tartib faqat “Afrosiyob” poyezdlari uchun amal qilib kelgan. Endilikda esa ushbu mexanizm barcha mahalliy yo‘nalishlardagi oddiy va tez yurar poyezdlarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.