2026-yil 1-apreldan boshlab Hindistonga kirishda barcha xorijiy fuqarolar uchun elektron immigratsiya kartasini (e-Arrival Card) to‘ldirish majburiy etib belgilanadi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchilar mamlakatga yetib kelishidan kamida 72 soat oldin maxsus elektron kartani onlayn tarzda to‘ldirishi lozim. Buni Hindiston viza xizmatining rasmiy sayti yoki Su-Swagatam mobil ilovasi orqali amalga oshirish mumkin. Qog‘oz shaklidagi immigratsiya kartalari esa faqat 2026-yil 31-martgacha amal qiladi.

Mutasaddilar ogohlantirishicha, elektron karta oldindan to‘ldirilmagan taqdirda pasport nazoratidan o‘tishda kechikishlar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois yo‘lovchilarga hujjatni oldindan rasmiylashtirish tavsiya etilmoqda.

Hozirda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga qariyb 20 ta aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Elchixona vakillari ham fuqarolardan ortiqcha navbatlar va muammolarning oldini olish uchun e-Arrival Card’ni oldindan to‘ldirishni tavsiya qilmoqda.

Yozgi parvozlar jadvali doirasida reyslar geografiyasi va soni kengayishi kutilmoqda. Jumladan, Uzbekistan Airways Namangan va Dehli o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Centrum Air ikki davlat poytaxtlari o‘rtasidagi parvozlar sonini haftasiga uch martagacha oshirishni maqsad qilgan. Qanot Sharq esa Toshkent—Dehli—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi.

Categorized in:

Dunyo, Mahalliy,

Last Update: 31/03/2026