Toshkent Botanika bog‘i hududida 2026-yil 1-apreldan boshlab velosiped va samokatlarda harakatlanish to‘xtatiladi.
Bog‘ ma’muriyatining ma’lum qilishicha, so‘nggi paytlarda velosiped va samokatlarda harakatlanish vaqtida fuqarolarning yiqilishi va turli darajadagi tan jarohatlari olishi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan.
Shu munosabat bilan tashrif buyuruvchilarning ko‘plab murojaatlari hamda Ilmiy kengash qaroriga asosan bog‘ hududida barcha turdagi velosiped va samokatlar harakati cheklanmoqda.
“Ushbu chora barchamiz uchun bog‘da xavfsiz, tinch va osuda piyoda sayr qilish muhitini yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Tabiat go‘zalligidan piyoda sayr qilib, xotirjam bahra olishingiz uchun barcha sharoitlar saqlab qolinadi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Ma’lumot uchun, poytaxtdagi Botanika bog‘ida velosiped va samokatlarda harakatlanish 2021-yilda ham taqiqlangan edi. Keyinchalik ushbu cheklov bekor qilinib, qayta ruxsat berilgandi.