Xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari murakkab vaziyatga tushib qolgan taqdirda Migratsiya agentligi tomonidan ularga moddiy va huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda agentlik axborotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ajratilishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda ariza asosida fuqarolarning vatanga qaytishi uchun aviachipta ham olib beriladi.

Shuningdek, xorijda og‘ir kasallikka chalingan yoki baxtsiz hodisaga uchragan fuqarolarning tibbiy xizmat xarajatlari ham qisman qoplanadi. Bunda 1 ming dollardan 1,5 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan tibbiy xarajatlarni to‘lab berish mumkinligi aytilgan.

Agar fuqarolar yashash joysiz qolib ketsa, ular vaqtincha turar joy bilan ta’minlanadi. Xususan, bunday holatlarda 30 kungacha hostellarda yashashi uchun sharoit yaratib berilishi mumkin.

Shu bilan birga, og‘ir vaziyatga tushgan xotin-qizlar va ularning farzandlarini vatanga beg‘araz qaytarish imkoniyati ham mavjud.

Migratsiya agentligi xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnat huquqlari buzilgan yoki ular zo‘ravonlikka duch kelgan holatlarda ham yordam ko‘rsatishini bildirgan. Bunday vaziyatlarda fuqarolarga advokat ajratilib, uning xizmatlari uchun shartnomaga muvofiq 3 ming dollargacha mablag‘ to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, noqonuniy deportatsiya, jarima yoki ushlab turish bilan bog‘liq ma’muriy ishlar bo‘yicha ham fuqarolarning huquqlari advokatlar orqali himoya qilinadi.

Agentlik xorijda ishlayotgan fuqarolar zarurat tug‘ilganda Migratsiya agentligi yoki o‘zi bo‘lib turgan davlatdagi vakolatxonalarga murojaat qilishi mumkinligini eslatdi. Murojaatlar 1282 qisqa raqami hamda Telegram orqali 24/7 rejimida qabul qilinadi. Shuningdek, huquqiy yordam olish uchun uzbot orqali ham murojaat yuborish imkoni mavjud.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 05/03/2026