O‘zbekistonda ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga jami 422,4 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga asosan ramazon oyida yordamga muhtoj oilalarga 1 million so‘mdan, “kambag‘al oila” toifasidagi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatlardagi ehtiyojmand oilalarga esa 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi belgilangan.

Qaror ijrosining birinchi bosqichida 616 305 ta oilaga jami 422,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Jumladan, 225 541 ta oilaga 1 million so‘mdan moddiy yordam berilgan.

Yordam olganlar quyidagi toifalarni tashkil etadi:
— 207 661 ta davlat ta’minotidagi oilalar;
— 3 848 ta yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar;
— 17 032 ta yolg‘iz yashovchi, parvarishga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Shuningdek, 387 764 ta kam ta’minlangan oilaga 500 ming so‘mdan pul mablag‘i ajratilgan.

Ma’lum qilinishicha, ikkinchi bosqichda qo‘shimcha shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida hujjatlari o‘rganilayotgan oilalarga ham moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/02/2026