Qo‘qon shahrida ko‘p qavatli uylardan birida yuz bergan portlash va yong‘in holati yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 25-fevral kuni Bo‘ston mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan. Yong‘in kelib chiqishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur ish Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.

Baxtsiz hodisa oqibatida ushbu uyda istiqomat qilgan, 2007-yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolishi sababli og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boshqa shaxslar jarohat olgani haqida ma’lumot kelib tushmagan. Portlash natijasida bir nechta xonadonlarga moddiy zarar yetgan.

Portlash sabablarini aniqlash maqsadida hodisa joyida tergov-tezkor harakatlar olib borilmoqda. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov tomonidan voqea joyida maxsus tergov guruhi tuzilib, mas’ul xodimlarga hodisani Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlashtirish, daliliy ashyolarni olish, guvohlarni so‘roq qilish va boshqa zarur tergov harakatlarini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qon shahridagi ushbu ko‘p qavatli uyda 16-fevral kuni ham gaz portlashi sodir bo‘lgan edi. O‘shanda 4 nafar fuqaro kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan, ulardan biri ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/02/2026