Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish hamda yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal rivojlanib, Toshkentning doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshgan. Prognozlarga ko‘ra, 2045-yilga borib shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ko‘payishi kutilmoqda. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy qurilishi, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilma imkoniyatlariga mutanosib tarzda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda shahar muhitini sog‘lomlashtirish va aholining turmush sifatini yaxshilash doirasida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch barobarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha tashabbuskorlar tomonidan umumiy maydoni 2 ming 679 gektarni tashkil etuvchi 85 ta qurilish loyihasi taklif etilgan. Taqdimot jarayonida ushbu loyihalarni kompleks baholash natijalari haqida axborot berildi.
Loyihalarni o‘rganishda shaharsozlikka yagona yondashuv asosida baho berish, hududlarning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etish, eskirgan hududlarni renovatsiya qilish hamda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihani yer maydoni, qavatlar soni va konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish orqali maqbullashtirish, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan to‘liq qayta ishlab chiqish zarurligi bildirilgan.