O‘zbekistonda 2026-yil 1-maydan boshlab davlat qarzini boshqarish vakolati hukumatdan parlamentga o‘tkaziladi. Yangi tartib 16-fevral kuni tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, endilikda xorijdan davlat tashqi qarzini jalb etish vakolati Oliy Majlis palatalariga beriladi. Shu tariqa parlament davlat qarzini shakllantirish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi asosiy institutga aylanadi.
Qonunchilikda 2026-yil uchun 5 milliard dollar miqdorida davlat tashqi qarzi olish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘ning yarmi byudjet taqchilligini qoplashga, qolgan qismi esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat qarzi hajmi oshmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 1-oktyabr holatiga davlat qarzi 43,9 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich bir yil davomida 4,9 milliard dollarga oshgan.
Davlat qarzining 36,7 milliard dollari yoki 84 foizi tashqi qarz, 7,2 milliard dollari (16 foizi) esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Tashqi qarzning 19,8 milliard dollari xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratilgan.
Eng yirik kreditlar Jahon banki (8 milliard dollar) va Osiyo taraqqiyot banki (7,5 milliard dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Olingan mablag‘larning 17,4 milliard dollari, ya’ni 47 foizi byudjet taqchilligini yopishga sarflangan. Shuningdek, 5,8 milliard dollar (16 foiz) yonilg‘i-energetika sohasiga yo‘naltirilgan. Qolgan qismi qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarga ishlatilgan.