O‘zbekiston bank tizimi 2025-yil yakunlariga ko‘ra 15,5 trillion so‘m sof foyda oldi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 2,2 baravar ko‘p bo‘lib, o‘tgan yili banklar jami 7 trillion so‘m sof foyda bilan ishlagan edi.

Sof foyda bo‘yicha top-10 bankning yettitasi xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular yil davomida jami 9,7 trillion so‘m daromad olgan. Xususiy banklar orasida eng yuqori sof foyda Kapitalbankka to‘g‘ri kelib, u 1,79 trillion so‘m foyda qayd etgan.

Keyingi o‘rinlardan Hamkorbank (1,71 trillion so‘m) va Orient Finans Bank (1,04 trillion so‘m) joy olgan. Davlat banklari orasida esa eng yirik sof foyda O‘zmilliybank hissasiga to‘g‘ri kelib, u 1,92 trillion so‘m daromad ko‘rsatgan. Shuningdek, O‘zsanoatqurilishbank ham qariyb 1,9 trillion so‘m sof foyda olgan.

Bankers nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda deyarli barcha banklar foyda bilan ishlagan. Avvalgi yillarda zarar ko‘rsatgan Mikrokreditbank va Biznesni rivojlantirish banki ham yilni ijobiy moliyaviy natija bilan yakunlagan.

Faqatgina Yangi Bank 136,7 milliard so‘m zarar bilan faoliyatini yakunlagan. Markaziy bank joriy yil 15-yanvar kuni mazkur bank litsenziyasini chaqirib olgan bo‘lib, hozirda uni tugatish jarayonlari olib borilmoqda.

Categorized in:

Biznes, Mahalliy,

Last Update: 09/02/2026