AQSHga noqonuniy kirib kelgani uchun xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga joylashtirilgan o‘zbekistonliklar O‘zbekistonga tezroq qaytishda ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi diplomatlari Virjiniya shtatida joylashgan “Kerolayn” va “Farmvill” xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashgan. Suhbatlar davomida vatandoshlarning saqlanish sharoitlari, sog‘lig‘i va umumiy ahvoli, ovqatlanishi hamda boshqa maishiy masalalar o‘rganilgan. Shuningdek, ularga konsullik va huquqiy masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan.

Fuqarolar AQSHga noqonuniy kirib kelgani sababli hozirda deportatsiya masalasi bo‘yicha sud jarayonlari olib borilayotganini bildirgan. Shu munosabat bilan ular O‘zbekistonga imkon qadar tezroq qaytishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Elchixona o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarni vatanga qaytarish masalalari bo‘yicha xorijiy tomonlar bilan muzokaralar olib borish, zarur konsullik hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, AQSH immigratsiya siyosatidagi so‘nggi o‘zgarishlar inobatga olinib, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga yashab turgan mamlakatida qonuniy maqomda bo‘lish, mahalliy qonunlarga qat’iy rioya qilish va noqonuniy faoliyatdan tiyilish tavsiya etilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/01/2026