Farg‘ona viloyati sudi qaroriga muvofiq, joriy yilning 17-dekabr kuni xalq tabobati bilan shug‘ullanuvchi Iqbol Soliyev O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59⁵-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.
Bugun Iqbol Soliyev ozodlikka chiqqanini ma’lum qilib, o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi. U murojaatida so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi haqida tarqalgan ayrim xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Xususan, Iqbol Soliyev 2024-yildan buyon hujjatsiz faoliyat olib borayotgani haqidagi iddaolarni rad etib, o‘zida O‘zbekiston Xalq Tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan, jumladan, 2025-yilgacha amal qiluvchi hamda muddatsiz guvohnomalar mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, u Qozog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash organlari tomonidan berilgan guvohnoma va xalqaro sertifikatga ega ekanini ham ma’lum qildi.
Murojaat davomida uning yuristi ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ayrim axborotlar noto‘g‘ri va asossiz ekanini qayd etdi. Yuristning so‘zlariga ko‘ra, “tabibning guvohnomasi muddati o‘tgan” degan mazmundagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Shuningdek, u Iqbol Soliyevga nisbatan 59⁵-modda talablari buzilgani haqidagi e’tirozlarga izoh berib, mazkur faoliyatni ommaviy targ‘ibot sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini, axborot tarqatish esa amaldagi qonunchilik doirasidagi huquq ekanini bildirdi.
Avvalroq, 2025-yil 10-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi qarori bilan Iqbol Soliyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59⁵-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari — 7,5 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima jazosi qo‘llangan edi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda xalq tabobati sohasida ishlash huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan tashxis qo‘yish va davolash xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Iqbol Soliyev 2020-yil avgust oyida soliq organlarida “Xalq tabobati” faoliyat turi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Xalq Tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomaning amal qilish muddati 2024-yil dekabr oyida tugagan.