Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan fojiali hodisa natijasida to‘rt nafar yo‘lovchi cho‘kib ketdi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 26-dekabr kuni soat 21:30 atrofida yuz bergan. 2001-yilda tug‘ilgan haydovchi to‘rt nafar tanishini stadiondan olib, ularni uylariga olib ketayotganida rul boshqaruvini yo‘qotgan va avtomobil kanalga tushib ketgan.

Haydovchi tirik qolgan va shifoxonaga yetkazilgan. Yo‘lovchilar sifatida ketayotgan 19–20 yoshli to‘rt nafar shaxs mashinadan chiqolmay, cho‘kib ketgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida odamlarning o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, aybdor shaxs o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 30/12/2025