Turkiyaning Istanbul shahridan Bishkekka uchgan samolyot Toshkentga qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Bishkek aeroportidagi noqulay ob-havo sharoiti (tuman) tufayli Istanbul—Bishkek yo‘nalishidagi, bortida 179 nafar yo‘lovchi bo‘lgan Turkish Airlines aviakompaniyasining TK-344 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga qo‘nishga qaror qildi. Samolyot soat 14:44 da Toshkentga kelib qo‘ndi.
Toshkentga yetib kelganidan so‘ng, yo‘lovchilar bortdan tushirildi. Aviakompaniya yo‘lovchilarni mehmonxonaga joylashtirish choralarini ko‘rmoqda. O‘zbekistonga vizasi bo‘lmagan fuqarolar jo‘nab ketgunga qadar Toshkent xalqaro aeroportining tranzit zonasida saqlanadi.
Reysning jo‘nashi 2025-yil 23-dekabrga, Toshkent vaqti bilan, taxminan, soat 13:00 ga ko‘chirildi.