Jahon mamlakatlarining iqlim koʻrsatkichlari reytingi eʼlon qilindi. Unda Oʻzbekiston 53-oʻrinni egalladi.
Bu har yili Germanwatch va NewClimate Institute tomonidan tuziladigan global baholash tizimi boʻlib, u mamlakatlarning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashdagi natijalarini solishtiradi.
Unda mamlakatlar 4 asosiy yoʻnalishda baholanadi. Bular issiqxona gazlari emissiyasi, yangi, yaʼni qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi hamda iqlim siyosati.
Har bir yoʻnalish mamlakatning sohaviy islohotlari, davlatning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha shaxsiy — milliy darajadagi majburiyat va rejalari, energiya bozoridagi oʻzgarishlar hamda atmosferaga tashlanayotgan chiqindilar hajmi orqali oʻlchanadi.
Reytingda 1-3-oʻrinlardan butunlay boʻsh qoldirilgan, negaki, hali hech bir davlat yuqori darajada tegishli talablarni bajarmagan. Bunda 4-pogʻonada Daniya, 5-oʻrinda Buyuk Britaniya, undan keyin Marokash, Chili, Lyuksemburg, Litva hamda 10-oʻrinda Niderlandiya joy olgan.
Oʻzbekiston egallagan 53-oʻrni bilan juda past koʻrsatkichli mamlakatlar guruhiga kiradi. Bunga qazilma yoqilgʻi isteʼmoli yuqoriligi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi past ekani, issiqxona gazlari emissiyasi oʻsayotgani hamda iqlim siyosatida oʻrta darajadagi islohotlar sabab boʻlgan.