O‘zbekistonda 18 ta tijorat bankiga davlat tili va oshkoralik talablarini buzganlik uchun jarima qo‘llandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, Markaziy bank 2025-yil sentyabr–oktyabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarini monitoringdan o‘tkazgan. Tadqiqotdan maqsad — moliyaviy xizmatlar iste’molchilari uchun zarur ma’lumotlarning to‘liq va ishonchli tarzda oshkor etilishini ta’minlash, shuningdek, qonunchilik talablariga rioya etilishini tekshirish bo‘lgan.
Natijada, ayrim banklar tomonidan “Davlat tili haqida”gi qonun talablari buzilgani, ya’ni saytlarida ma’lumotlar davlat tilida joylashtirilmagani aniqlangan. Shuningdek, ayrim banklar kredit ta’minotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibini e’lon qilmagan.
Mazkur kamchiliklarga Agrobank, Anor bank, Hayot bank, Universal bank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, Orient Finans bank, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat bank Uzbekistan, AVO bank va Open bank kabi moliya muassasalari yo‘l qo‘ygani qayd etilgan.
Natijada, har bir bank 102 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Markaziy bank bu banklarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda rasmiy saytlaridagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.