UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt avtomobillarining yangilangan versiyalari 2025-yil 3-noyabrdan sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi.
Kompaniya matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, yangi avtomobillar ko‘rgazma namunalarining barchasi allaqachon rasmiy dilerlik markazlariga yetkazib berilgan. Mijozlar ular bilan tanishib, xarid qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish imkoniga ega.
Chevrolet Cobalt avtomobillariga bo‘lgan yuqori talab va mijozlar so‘rovlarini inobatga olgan holda, ortiqcha ajiotajning oldini olish maqsadida kontraktatsiya jarayoni to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Onlayn shartnoma tuzish jarayonida Chevrolet Cobalt avtomobillarining barcha mavjud komplektatsiyalari, shu jumladan, ikkita yangi komplektatsiya ham taqdim etiladi.
3-noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab mijozlar uchun Chevrolet Cobalt avtomobillariga onlayn kontraktatsiya tizimi ochiladi. Xarid qilish jarayoni uzavtosavdo.uz sayti va UzAvtoSavdo mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Shu kuni barcha Chevrolet dilerlik markazlari yopiladi va UzAuto Motors savdo tizimidan vaqtincha uziladi.