Surxondaryo viloyatining “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” nomli taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur taomning o‘ziga xosligi hududning issiq va quruq iqlimida, yaylovlarda boqilgan hisori qo‘zilari go‘shtidan foydalanilishi, shuningdek, archa shoxlari bilan tandirda pishirish texnologiyasi bilan bog‘liq. Go‘sht odatda 1,5–2 soat davomida 400°C atrofida qizdirilgan yer tandirda bug‘ yordamida pishiriladi.

“Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti”ning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi uning nomi va tayyorlanish usulini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda sifat standartlarini belgilaydi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonga xos “Baliq qarma” milliy taomi va Samarqand noni ham geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingan edi.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning ma’lum hududga mansubligini bildiruvchi, shu hududning tabiiy, iqlimiy hamda madaniy omillari bilan bog‘liq alohida sifat va obro‘ni kafolatlaydigan intellektual mulk obyektidir.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 24/10/2025