Migratsiya agentligi o‘zbekistonlik fuqarolarni Janubiy Koreyaga mavsumiy ishga yuborish dasturi qayta tiklanganini ma’lum qildi.

Agentlik direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining Gyeongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuv yakunida tomonlar E-8 turidagi mavsumiy ishchi vizasi asosida Toshkent viloyati aholisidan ishchilarni tanlab olish va ularni provinsiyaning Hapchon, Chongnyang okruglari hamda Miryang shahrida 8 oy (5+3) muddatga qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shuningdek, Migratsiya agentligi va Gyeongsangnam-do provinsiyasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik hujjati imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Koreya Adliya vazirligi o‘rtasida fuqarolarni E-8 dasturi orqali ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. 14-oktyabr kuni imzolangan hujjat ushbu bitimning amaliy bosqichi hisoblanadi.

Koreya tomoni talabiga ko‘ra, bunday dasturlarda ishchi yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlar aniq belgilanadi. Shu bois Gyeongsangnam-do provinsiyasida mavsumiy ishlarga Toshkent viloyati aholisi jalb etiladi.

Dastlab pilot loyiha sifatida provinsiyaning uchta hududida ishchi kuchiga ehtiyoj o‘rganiladi. 2026-yildan boshlab o‘zbekistonlik ishchilarning intizomi va mehnat unumdorligiga qarab, hamkorlikni boshqa hududlarga ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Noyabr–dekabr oylarida Koreyaning tegishli okrug hokimliklari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha talabnomalar yuboriladi va nomzodlarni tanlash jarayoni boshlanadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/10/2025