O‘zbekistonda 2025-yil paxta hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olish va qayta ishlashni rag‘batlantirish maqsadida to‘qimachilik sohasi uchun bir qator imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, fermer xo‘jaliklari tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga, jumladan klasterlarga birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosiga 1 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Shuningdek, klasterlar va tarmoq korxonalari o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirganda yoki xarid qilganda xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab 3 yil davomida:
-
klasterlar, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi;
-
belgilangan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan aralash mato va gazlama mahsulotlari, shuningdek charm va ipak sanoati uchun zarur xomashyolar bojxona boji to‘lovidan ozod etiladi.
Bundan tashqari, mehnat shartnomasi asosida 200 nafardan ortiq xodim ishlaydigan paxta-to‘qimachilik hamda tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalari davlat budjetidan subsidiya bilan qo‘llab-quvvatlanadi.