Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘l tumanidagi choyxonada chumchuq go‘shtidan shashlik tayyorlayotgani aks etgan video tarqaldi.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasining Yangiyo‘l tuman bo‘limi va viloyat IIB post-patrul xizmati xodimlari zudlik bilan joyiga chiqib tekshiruv o‘tkazdi.

O‘rganish vaqtida choyxonada chumchuq go‘shtidan shashlik tayyorlanayotgani aniqlanmadi. Tushuntirish so‘ralganda, choyxona rahbari videoni ilgari, mijozlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida suratga olinganini aytdi. Hozirda bunday taom tayyorlanmayotgani ma’lum qilindi.

Inspektorlar tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Tabiatni muhofaza qilish talablari va qonunchilik normalari tushuntirildi. Kelgusida shunday holatlarning takrorlanmasligi bo‘yicha ogohlantirish berildi.

Choyxona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 63-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 4 120 000 so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Vakolatli idoralar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan shunga o‘xshash materiallar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishini, tadbirkorlik subyektlaridan esa amaldagi ekologik va boshqa tegishli qoidalarga qat’iy rioya etishni so‘raydi.

Categorized in:

Yangiliklar,

Last Update: 03/09/2025