Namangan viloyati Qamchiqda bir kunda ikki YTH sodir bo‘ldi va uch kishi vafot etdi. Bu haqda YHXB xabar berdi.

Unga ko‘ra, bugun soat 04:40 larda A-373 avtomobil yo‘lining Vodiy—Toshkent yo‘nalishida Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotgan haydovchi harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan yuk mashinasiga urilib, YTH sodir etgan.

Natijada Lacetti yo‘lovchisi og‘ir tan jarohati bilan vafot etgan. Ikkinchi yo‘lovchi esa shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur hududda soat 08:39 larda ham Cobalt boshqarib ketayotgan haydovchi harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, boshqaruvni yo‘qotib o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘lning o‘ng tomonida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasining orqa qismiga va yo‘lning o‘ng tomonida harakatlanib ketayotgan yana bir yuk mashinasiga borib urilgan.

Hodisa oqibatida Cobalt’da bo‘lgan ikki yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan vafot etgan.

Har ikki holat yuzasidan Pop tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 29/08/2025