O‘zbekistonda intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtirildi. 8-avgustda qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sanoat mulki obyekti ro‘yxatga olinganda patent talabnoma beruvchiga avtomatik tarzda elektron tizim orqali yuborilishi belgilandi. Ilgari Sanoat mulki obyektiga patent berish obyekt ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotlar rasmiy axborotnomada e’lon qilingan sanadan e’tiboran 10 kun o‘tganidan keyin amalga oshirilishi belgilangan edi.

Shuningdek, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi belgilandi.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 149-moddasi endilikda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish deb nomlanadi (ilgari mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish deb nomlangan). Unga ko‘ra, asarga, ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, seleksiya yutug‘iga va integral mikrosxema topologiyasiga nisbatan mualliflikni o‘zgartirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, ushbu intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman e’lon qilingunga qadar muallif roziligisiz oshkor etish BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (20,6 million so‘mdan 30,9 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Qonun 9-avgustdan kuchga kirgan. Jinoyat kodeksidagi yuqoridagi o‘zgarish esa qonun e’lon qilinganidan 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi. Hozirgi tartibga ko‘ra, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzganlik uchun jarima BHMning 25 baravaridan boshlanadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 12/08/2025