Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postidan 1,1 mlrd so‘mlik telefonlarni noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.

“Navoiy” chegara bojxona postida 180 dona iPhone’ni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirishga uringan to‘rt kishi to‘xtatib qolindi.

Ular qo‘shni davlatdan chegaraga piyoda holda kirib kelgan. Belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazish jarayonida “yo‘lovchi”larning bel qismi va qo‘l yuklari orasidan telefonlar topilgan. Maʼlum qilinishicha, ular mobil qurilmalarni xufiyona tarzda, yaʼni boj to‘lamasdan olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

“Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur telefonlarning umumiy qiymati, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 mlrd 80 mln so‘mni tashkil etmoqda”, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilyapti.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 25/07/2025